![]() |
(16.06.2016 21:20) |
(16.06.2016 21:20) |
(16.06.2016 21:19) |
(14.06.2016 22:32) |
(14.06.2016 22:29) |
(14.06.2016 22:28) |
16:26 |
Tong yorisha boshladi. Soat 04:38. Ota deraza yonida tik turib ko'chaga qarab hayol surib turibdi. Uning hayolida bitta o'y: o'g'lim tuzalib ketarmikin?.. Uch kun oldin uning 9 yoshli o'g'li og'ir operatsiyadan chiqdi. O'sha kundan beri otaning ko'zlari uyqu ko'rmadi. Doktorlar ham tayinli gap aytishmadi: - Bu yog'i endi xudodan. Aniq bir gap aytolmaymiz. Kutamiz. Yaxshi niyat qilaylik, hali hammasi yaxshi bo'lib ketadi. Operatsiyadan keyingi uch kun juda og'ir kechadi. Agar shu uch kundan eson-omon o'tib olsak, marra bizniki. Mana bugun uchinchi kun. Shu uch kun ota uchun qanchalik imillab o'tdi. Har bir soat otaning sabrini sinayotgandek ezmalanardi. Nihoyat bugun kutilgan uchinchi kun keldi... Ota sekin ortiga qaradi. Kravatda o'g'li behush yotardi. Uning bilinar-bilinmas nafas olayotgan ovozi eshitilardi. Ota o'g'lining yoniga keldi. Holsizlikdan oqarib ketgan yuzidan o'pdi. Hiyol jingalak sochlarini sekingina siladi. Yana soatga qaradi, 04:45... Eh nega buncha ezmalanadi bu vaqt... Tunni o'tkazish, yana bemor oldida o'tkazish naqadar azob?.. Ota yana deraza yoniga bordi. Yana hayollar dengiziga g'arq bo'ldi... - Da-dada, ota kelgan ovozdan seskanib ortiga qaradi. Xa, o'g'li hushiga kelgan edi. U otilib o'g'lining yoniga bordi. - Xa o'g'lim, men shu yerdaman. Suv ichging keldimi? Hech qayering og'rimayaptimi? - Dada onam shu yerdami? - Onang?.. Xa shu yerda, boshqa xonada uxlayapti. - Opam ham shu yerdami? - Xa o'g'lim opang ham shu yerda. - Akamchi, akam qayerda? - U ham shu yerda. Sening uyg'onishingni kutib o'tirishibdi. Bola gapirishga qiynalardi. Buni peshonasidagi ter tomchilaridan ham bilsa bo'lardi. - Dada bir gap aytsam meni urishmaysizmi? - Qanaqa gap o'g'lim, avval eshitaychi. - Men matematika fanidan 2 baho olgandim. Do'stim Ahror bilan kundalikning o'sha varag'ini yirtgandik. - Xa mayli, birinchi safar o'zing aytganing uchun urishmiyman. Bundan buyog'iga endi faqat yaxshi baholarga o'qi, xo'pmi o'g'lim?.. Tong yorisha boshladi. Ota bu tongni rosa uch kun kutgandi. "Xudoga shukur, hammasi yaxshi bo'ldi" hayolidan o'tkazdi ota o'g'li bilan gaplashib o'tirar ekan. - Dada yana bir gap aytaman, urishmang xo'p? - Xo'p. Qani gapirchi qanaqa gap ekan? - Dada men, men... Men Mahliyoni sevaman. - Rostdanmi o'g'lim? Xo'sh u qanaqa qiz? Kimning qizi? Men taniymanmi? - Ular orqa ko'chada yashaydi. Dadasi damas haydaydi... Mahliyo chiroyli qiz. Yuzlari oppoq, sochlari uuzun. Faqat doskaga chap qo'li bilan yozadida. Daftariga esa o'ng qo'li bilan yozadi. U men bilan bir partada o'tiradi... Bola Mahliyo haqida gapirar ekan ko'zlari chaqnab ketardi. Shunaqangi berilib gapirardiki hattoki dardni ham unutgandi. Ota o'g'lining gaplarini eshitar ekan shiftga qaradi. Axir uning ko'zidan yosh kela boshlagandi... Ota yana bir bor Yaratganga shukrona keltirdi. "Ey Xudo, naqadar buyuksan?! Shu yoshgina bolaning mushtdek yuragiga sevgi o'tini yoqishga ulguribsan. Beadad shukur o'zinga". - Dada sovqotayapman. O'g'lining gapidan keyin ota o'g'liga qaradi. O'g'lining qo'lini kaftlari orasiga oldi. - Dada, da-dad-a, men judayam sovqatyapman. Dada, dadajon men sizni judayam yaxshi ko'ram-aaan... - O'g'lim, o'g'l-i-i-i-mmm... Bu hayqiriq butun shifoxonani titratib yubordi... |
|
Всего комментариев: 0 | |